Ommaviy oferta

sotu voice dasturidan foydalanish uchun litsenziya shartnomasi
Kuchga kirgan sana: 2026-yil 15-oktabr

1. Umumiy qoidalar

1.1. Ushbu hujjat «Masofa Technologies» MChJ (STIR 311792386, keyingi o'rinlarda — Litsenziar) tomonidan sotu voice dasturidan foydalanish huquqini berish to'g'risidagi ommaviy ofertadir. U O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367–370-moddalariga muvofiq tuzilgan.

1.2. Dastur uchun to'lovni amalga oshirgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs (keyingi o'rinlarda — Foydalanuvchi) ushbu ofertaning barcha shartlarini to'liq va so'zsiz qabul qilgan hisoblanadi. To'lov — ofertani akseptlash.

1.3. Ofertaning amaldagi tahriri doimo voice.sotuu.uz saytida joylashtiriladi.

2. Atamalar

Dastur — Windows va macOS uchun sotu voice kompyuter ilovasi, Android uchun sotu voice mobil ilovasi (klaviatura), ularning yangilanishlari va hujjatlari.

Faollashtirish kodi — to'lovdan so'ng beriladigan XXXX-XXXX-XXXX-XXXX ko'rinishidagi noyob kod.

Kompyuter — Dasturning kompyuter ilovasi o'rnatilgan va Faollashtirish kodi bilan faollashtirilgan bitta kompyuter.

Telefon — Dasturning Android ilovasi o'rnatilgan va o'sha Faollashtirish kodi bilan faollashtirilgan bitta telefon.

Gemini kaliti — Foydalanuvchi Google'dan o'z nomiga oladigan API kaliti. Dastur ovozni matnga o'girish uchun shu kalitdan foydalanadi.

Bot — Litsenziarning Telegram boti @sotupaybot: u orqali to'lov qilinadi, Faollashtirish kodi beriladi va Foydalanuvchi murojaatlari qabul qilinadi.

3. Shartnoma predmeti

3.1. Litsenziar Foydalanuvchiga Dasturdan foydalanish uchun oddiy (eksklyuziv bo'lmagan) litsenziya beradi.

3.2. Litsenziya muddatsiz (umrbod) beriladi va bitta Faollashtirish kodi bilan bitta Kompyuter va bitta Telefonda foydalanishga ruxsat beradi.

3.3. Dasturga bo'lgan mualliflik huquqi va boshqa barcha huquqlar Litsenziarda qoladi.

4. Narx va to'lov

4.1. Litsenziya narxi voice.sotuu.uz saytida ko'rsatiladi va bir martalik to'lov hisoblanadi. Obuna va qo'shimcha to'lovlar yo'q.

4.2. Narx bosqichma-bosqich belgilanadi: birinchi 1 000 ta litsenziya — 99 000 so'm, keyingi 3 000 tasi — 149 000 so'm, undan keyin — 199 000 so'm. Foydalanuvchi to'lov paytida amalda bo'lgan narxni to'laydi. Keyingi narx o'zgarishlari avval sotib olingan litsenziyalarga ta'sir qilmaydi.

4.3. To'lov Bot orqali Payme to'lov tizimi yordamida so'mda amalga oshiriladi. Bank kartasi ma'lumotlari Litsenziarga uzatilmaydi.

4.4. To'lov tasdiqlangandan so'ng Faollashtirish kodi o'sha Bot orqali yuboriladi. Foydalanuvchi kodni Dasturga o'zi kiritadi: kompyuterda — birinchi ishga tushirishda, Android'da — sozlashning birinchi qadamida yoki Sozlamalar → Litsenziya bo'limida.

4.5. Android ilovasi Google Play orqali tarqatiladi va uning ichida to'lov qilinmaydi. Litsenziya faqat Bot orqali sotib olinadi.

5. Faollashtirish: bitta kompyuter va bitta telefon

5.1. Faollashtirish kodi u birinchi marta kiritilgan Kompyuterga va birinchi marta kiritilgan Telefonga bog'lanadi. Ikkinchi kompyuter yoki ikkinchi telefonda kod qabul qilinmaydi.

5.2. Kompyuter yoki telefon almashtirilganda Foydalanuvchi Bot orqali Faollashtirish kodini yuborib murojaat qiladi. Litsenziar murojaatni tekshiradi va kodni eski qurilmadan uzadi, shundan so'ng Foydalanuvchi kodni yangi qurilmada kiritadi.

5.3. Dasturdagi «Litsenziyani bekor qilish» funksiyasi litsenziyani o'tkazish uchun emas: uni Kompyuterda ham, Telefonda ham bosish butun litsenziyani — ikkala qurilmada ham — butunlay bekor qiladi (8-bo'lim).

5.4. Faollashtirish kodini uchinchi shaxslarga berish, sotish yoki ommaga e'lon qilish taqiqlanadi. Bunday holatda Litsenziar kodni bloklashga haqli.

6. Google Gemini kaliti

6.1. Ovozni matnga o'girish Google Gemini xizmati orqali ishlaydi. Gemini kalitini Foydalanuvchi Google'dan o'zi oladi. Kalit Foydalanuvchiga tegishli va faqat uning qurilmalarida saqlanadi; Litsenziar unga kirish huquqiga ega emas.

6.2. Google bepul limitdan ortiq foydalanish uchun haq olsa, bu xarajat to'liq Foydalanuvchi zimmasida bo'ladi va bevosita Google'ga to'lanadi. Litsenziar bu to'lovlarni olmaydi va qoplamaydi.

6.3. Google xizmatidan foydalanishga Google'ning o'z shartlari amal qiladi. Google xizmatidagi uzilishlar, cheklovlar yoki narx o'zgarishlari uchun Litsenziar javobgar emas.

7. Yangilanishlar

7.1. Dastur yangilanishlari Foydalanuvchiga bepul beriladi. Kompyuter ilovasi yangilanishlarni downloads.sotuu.uz serveridan tekshiradi, Android ilovasi Google Play orqali yangilanadi. Ovoz yozuvlari va matnlar bu serverlarga yuborilmaydi.

7.2. Litsenziar Dasturni o'zgartirish, takomillashtirish yoki ayrim imkoniyatlarni qayta ishlash huquqini o'zida saqlab qoladi.

8. Pulni qaytarish

8.1. Foydalanuvchi to'lov kunidan boshlab 14 kalendar kun ichida sababini ko'rsatmasdan pulni qaytarishni so'rashi mumkin.

8.2. Buning uchun Foydalanuvchi Kompyuter yoki Telefondagi Dasturda (Sozlamalar → Litsenziya) «Litsenziyani bekor qilish» tugmasini bosadi yoki Bot orqali Faollashtirish kodi va to'lov sanasini yuborib murojaat qiladi.

8.3. Litsenziya bekor qilingach, Faollashtirish kodi Kompyuterda ham, Telefonda ham butunlay ishlamay qoladi va uni tiklab bo'lmaydi. Dasturdagi yozuvlar, matnlar va sozlamalar qurilmalarda qoladi.

8.4. Pul so'rov tasdiqlangan kundan boshlab 10 ish kuni ichida to'lov qilingan usul orqali qaytariladi.

8.5. 14 kundan keyin pul faqat Dastur Litsenziar aybi bilan ishlamagan va muammo murojaatdan keyin 30 kun ichida hal qilinmagan holatda qaytariladi.

9. Cheklovlar

Foydalanuvchi Dasturni dekompilyatsiya qilish, uning himoyasini chetlab o'tish, Dasturni ijaraga berish yoki qayta sotish, shuningdek uni qonunga zid maqsadlarda ishlatish huquqiga ega emas.

10. Javobgarlik

10.1. Dastur «boricha» holatda taqdim etiladi. Litsenziar uning barcha qurilma va dasturlarda xatosiz ishlashiga kafolat bermaydi, lekin aniqlangan xatolarni oqilona muddatda tuzatishga harakat qiladi.

10.2. Yozuvlar va matnlar faqat Foydalanuvchi qurilmalarida saqlanadi. Qurilma yo'qolishi yoki buzilishi natijasida ular yo'qolsa, Litsenziar javobgar emas.

10.3. Litsenziar bilvosita zararlar yoki boy berilgan foyda uchun javobgar emas. Litsenziarning umumiy javobgarligi Foydalanuvchi to'lagan litsenziya narxidan oshmaydi.

11. Shaxsga doir ma'lumotlar

Ma'lumotlar Maxfiylik siyosatiga muvofiq qayta ishlanadi.

12. Nizolarni hal qilish

Nizolar avval muzokaralar yo'li bilan hal qilinadi. Kelishuvga erishilmasa, nizo O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sudda ko'rib chiqiladi.

13. Litsenziar rekvizitlari

Nomi
«Masofa Technologies» MChJ
STIR
311792386
Manzil
Toshkent sh., Mirzo Ulug'bek tumani, Olmachi MFY, Parkent ko'chasi, 199a-uy
Aloqa
@sotupaybot